Prezident Shavkat Mirziyoyevga chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish, ularni qayta ishlash va elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihalari taqdim etildi.

Ma’lumot uchun, 2026–2027-yillarda 6 ta yirik loyiha amalga oshiriladi. Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlikdagi loyihalarning umumiy qiymati 933 mln dollarga teng. Hozirga qadar 286,8 mln dollar investitsiya o‘zlashtirilgan, 76,6 mln dollarlik mahalliy mahsulot va xizmatlar xarid qilingan. Qurilish ishlariga 2 ming nafar mahalliy ishchi jalb etilgan.

Zavodlar Qashqadaryo, Samarqand, Toshkent, Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida quriladi. Ular to‘liq ishga tushgach, yiliga 3,6 mln tonna maishiy chiqindi qayta ishlanib, 1,6 mlrd kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Surxondaryo, Buxoro va Xorazmda yana 5 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Umumiy qiymati 625 mln dollar bo‘lgan ushbu loyihalar yiliga 1,9 mln tonna chiqindini qayta ishlash va 635 mln kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi. Natijada 500 ta yangi ish o‘rni yaratiladi, 158 mln kub metr tabiiy gaz tejaladi va issiqxona gazlari chiqindisi 316 ming tonnaga kamayadi.

Davlatimiz rahbari loyihalarni jadallashtirish, mahalliylashtirishni oshirish va soha uchun malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha topshiriqlar berdi. Qolaversa, “Green University”, Samarqand davlat universiteti va Qarshi davlat universiteti bilan hamkorlikda 1000 nafar mutaxassisdan iborat kadrlar zaxirasi shakllantiriladi.